Unda deputatlar “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov ma’lum qildi.
Hujjatga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga, Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.
Chegaralarning o‘zgarishi natijasida ular yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini yaratmoqchi, bu esa qo‘shimcha ish o‘rinlarini ta’minlaydi. Xususan, quyidagilarni tashkil etish nazarda tutilgan:
- 50 gektar maydondagi “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filialini;
- 30 gektar maydonda uchta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi.
2030-yilga qadar viloyatda sanoat korxonalari sonini 332 tadan 500 taga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobar o‘sishi kerak.
Xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 ming 285 taga, 2030-yilga borib esa 3 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Ko‘rsatiladigan xizmatlarning umumiy hajmi 1,8 barobar oshadi.
Qaror loyihasida hukumat oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarish va hudud chegaralarini o‘zgartirishni amalga oshirish uchun kompleks chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi qo‘yilgan.