Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasida qurilgan avtomobil tunnelini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida bog‘, turar joy majmualari, universitet, Olimpiya shaharchasi barpo etildi. Istiqbolda bu ko‘cha Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy magistral yo‘llardan biri bo‘ladi.

Shu bois ko‘cha bo‘ylab uzunligi 468 metr, eni 25 metr bo‘lgan tunnel qurilib, soatiga 10 mingdan ziyod avtomobil o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ldi.

Tunnel ustida yashil hudud barpo etilib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Olimpiya shaharchasi o‘rtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda bo‘lajak metro liniyasi uchun tunnel va bekat barpo etildi.

Yangi tonnel avtomobillarning yo‘lga ketadigan vaqtini ikki barobarga qisqartirish, kuniga 1 tonnaga yaqin yoqilg‘ini tejash va atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmini 2 tonnaga kamaytirish imkonini beradi. Prezidentimiz tunnel zamonaviy standartlar asosida barpo etilganiga e’tibor qaratdi. Bunday qulay yo‘llar aholiga qulaylik yaratishi, turizm rivojiga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.