Toshkentda Jetour haydovchisiga yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 258 mln so‘mlik 354 ta jarima belgilandi, deb xabar berdi MIB.

Organ ma’lumotlariga ko‘ra, qarzdor fuqaro N.Yu.ga nisbatan byuroga jami 328,7 mln so‘mlik 370 ta ijro varaqasi ish yurituviga kelib tushgan. Shundan 354 tasi (258,7 mln so‘m) — YHQni buzganlik uchun ma’muriy jarimalar va 14 tasi (51,8 mln so‘m) — soliq qarzdorligi.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2024-2025-yillarda Jetour avtomobilida 354 ta huquqbuzarlik sodir etib, jarimalarni to‘lamagan. Bundan tashqari, mashina kreditga sotib olingan va bankdan garov sifatida rasmiylashtirilgan, biroq qarzdorlik to‘lanmaganligi sababli garovga qo‘yilgan mol-mulk xatlangan.

Hozirda jami 328,7 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha zarur ijro harakatlari olib borilmoqda.