O‘zbekiston Senati Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri hududini kengaytirishni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kattaqo‘rg‘on hududini kengaytirish uchun shahar tarkibiga Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar — jami 2,9 ming gektar yer maydoni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kattaqo‘rg‘on tumaniga Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni o‘tkazilmoqda.
Chegara zonasining kengayishi Kattaqo‘rg‘on shahri aholisi sonini 2030-yilga borib 150 ming kishiga yetkazishi mumkin. Kattaqo‘rg‘on yirik shaharlar toifasiga o‘tkazilib, u yerda fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratiladi, xususan, yangi infratuzilma obyektlari va ko‘p qavatli turar joy majmualarini barpo etish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.