O‘zbekistonda YTH joylarini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi xizmatlarini joriy etishmoqchi. Bu haqda prezident ishtirokidagi adliya tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish chora-tadbirlari taqdimotida ma’lum qilindi.

Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertizasi markazida 64 turdagi ekspertiza tekshiruvlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, hududlarda ularning faqat yarmi mavjud. Shu bois ekspertizalarni tashkil etishga yangicha yondashib, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bu orqali ekspertiza turlarini 15 tadan 25 taga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda inson omili ta’sirini istisno etadigan raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari o‘rtasida hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.

Shuningdek, nodavlat sud ekspertizasi faoliyatini kengaytirish, alohida byurolar shaklida mustaqil amaliyot yuritish huquqini berish, O‘zbekiston sud ekspertlari palatasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ham e’tibor qaratildi. Shu maqsadda “Aqlli tushuntirish” tizimi asosida yangi me’yoriy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron xizmatlar orqali aholi va tadbirkorlarga manzilli yetkazish yo‘lga qo‘yiladi. “AdliyaTV” internet platformasi ishga tushirilib, soha mutaxassislari qonunchilikni sodda va ravon tilda tushuntirib boradi.