7-sentyabr kuni Angrenda dahshatli YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
A-373 Toshkent—O‘sh yo‘lida mudhish avariya sodir bo‘ldi. Shacman sement tashuvchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk mashinasi va beshta avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. To‘qnashuvda yong‘in kelib chiqqan va voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar tomonidan o‘chirilgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi. 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, yana 4 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Hodisa tafsilotlarini o‘rganish, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga yordam ko‘rsatish, shuningdek, huquqiy baho berish uchun bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.