Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va respublika xalqini 9-sentyabrda nishonlanadigan Mustaqillik kuni bilan oldindan tabrikladi. Bu haqda Tojikiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston mustaqillikka erishgandan so‘ng mamlakatda keng qamrovli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

Biz qardosh xalqlar sifatida mamlakatingiz jadal sur’atlar bilan o‘sib, taraqqiy etayotgani, jahon maydonida yuksak natijalarga erishayotgani, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi yuksalib borayotganidan cheksiz mamnunmiz, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

O‘zbekiston yetakchisi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik yanada mustahkamlanib, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ko‘makning an’anaviy tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik yanada keng rivojlanishiga ishonadi.

Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Emomali Rahmonga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.