Toshkentda arzon narxlardagi oziq-ovqat yarmarkalarida shaffoflik kuchaytirilmoqda. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aholiga qulaylik yaratish, arzon narxlardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida poytaxt bozorlarida maxsus savdo yarmarkalari tashkil etildi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim peshtaxtalarda ko‘rsatilgan narxlardan farq qiluvchi narxlarda savdo qilish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa shaharliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Shu bois oziq-ovqat yarmarkalarida shaffoflikni ta’minlash, narx-navoni nazorat qilish va sun’iy oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, bunday peshtaxtalarga kuzatuv kameralari o‘rnatish boshlandi, — deyiladi xabarda.

Mutaxassislar tomonidan Mirobod dehqon bozori va “Eski jo‘va” (Chorsu) bozorida kameralar o‘rnatish ishlari yakunlandi. Tez orada poytaxtning barcha yirik bozorlarida kuzatuv kameralari o‘rnatiladi, u yerda arzon narxlardagi oziq-ovqat yarmarkalari faoliyat yuritadi.