Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston-Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Sankt-Peterburg bilan iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi — o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra hududlar darajasida eksport-import operatsiyalari hajmi 20 foizga oshdi. Poytaxtda Ishbilarmonlik markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yangi Toshkent hududida «Peterburg kvartali»ni qurish loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Rossiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi chog‘ida metallurgiya, uskunasozlik, yo‘l qurilishi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa sohalarda 23 ta kooperatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Xususiy tibbiyot, ta’lim, kommunal xo‘jalik, raqamli texnologiyalar, migratsiya va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar qo‘llab-quvvatlandi. Faol gumanitar aloqalarni davom ettirish va qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yil oktyabr oyida ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishini samarali o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga kelishib olindi.