Toshkentda yo‘l bo‘yi avtoturargohi bo‘lgan ko‘chalarda ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun imtiyozlar yaratiladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Poytaxt aholisi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etiladi, ularning egalari o‘z mahallasi hududidagi avtoturargohlardan kechqurun ertalabgacha imtiyozli shartlarda foydalanishlari mumkin. Shuningdek, kunduzgi vaqtlarda ma’lum chegirmalar ko‘zda tutilgan, bayram va dam olish kunlarida esa yanada kengroq imtiyozlar taqdim etiladi.
Hozirda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilish orqali elektron shaklda rezidentlik ruxsatnomasini olish ishlari olib borilmoqda. Jarayonlarni noyabr oyigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Ushbu ishlar yakunlangach, Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilinadi, unda ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, ruxsatnoma olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar toifasi va taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati aniq belgilanadi, deya xabar berdi hokimlik.