O‘zbekistonda “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Ota-onalar to‘lovining bir qismini “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar olishlari mumkin. Bunday kompensatsiya to‘lanishi lozim bo‘lgan oilalar farzandlari ro‘yxati axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Oilaviy nodavlat bog‘chalarga kompensatsiya berish uchun tegishli hududda 9 soatlik ish rejimiga ega bo‘lgan umumiy tipdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovi miqdorining 40 foizi miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Kompensatsiya oilaviy bolalar bog‘chasiga qatnaydigan mazkur toifadagi bolalarning amaldagi sonidan kelib chiqib, biroq o‘rinlarning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.