O‘zbekistonda “A” va “B” toifali haydovchilik guvohnomasini olishni istaganlar uchun nazariy qismni avtomaktablarda o‘qitish majburiy bo‘lmaydi. Bu haqda IIV YHXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
2026-yil 1-fevraldan boshlab “A” (mototsikl) va “B” (yengil avtomobil) toifasidagi guvohnomalarni olish istagida bo‘lgan fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishlari mumkin bo‘ladi. Amaliy qismini esa avtomaktabda o‘zlashtirishlari kerak bo‘ladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasining yangi “A1” kichik toifasi joriy etiladi.
“A1” toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktabda o‘qish talab etilmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshirish huquqi beriladi.