Ekologiya vazirligi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o’zgarishining oqibatlarini yumshatish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar” qaror loyihasini hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat atmosferaga salbiy ta’sirni kamaytirish va korxonalarni bosqichma-bosqich ekologik toza texnologiyalarga o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Hukumat quyidagilarni rejalashtirmoqda:

  • viloyat hududida faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;
  • amaldagi talablarga javob bermaydigan issiqxona isitish qozonlarini zamonaviy energiya samarador va ekologik toza tizimlarga almashtirish;
  • issiqxonalar va sanoat obyektlarini energiya manbalarining ko‘mirdan foydalanishni istisno etadigan muqobil turlariga o‘tkazish;
  • ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish — chiqindilarni tozalash tizimlarini, mahalliy tozalash inshootlarini, havoni nazorat va monitoring qilishning avtomatik stansiyalarini joriy etish uchun korxonalarni, shu jumladan grant mexanizmlari hisobiga moliyaviy rag‘batlantirish.

Vazirlikning qayd etishicha, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ifloslantiruvchi chiqindilar hajmini sezilarli darajada kamaytirish, ekologik xavfsizlikni oshirish, shuningdek, poytaxt va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlarini yaratish imkonini beradi.