O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning bir haftalik ish jadvalini e’lon qildi.
Davlat rahbari 27-oktyabr kuni joriy yilda kutilayotgan natijalar tahlili va 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi.
Kunning ikkinchi yarmida prezident AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landauni qabul qiladi.
Shu hafta O‘zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qiladi. Prezidentimiz Samarqandga tashrif buyurib, Parijdan tashqarida ilk bor o‘tkazilayotgan forumning ochilish marosimida ishtirok etadi. Davlatimiz rahbari madaniyat, fan va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari suradi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Bundan tashqari, bir hafta davomida O‘zbekistonga Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy tashrif bilan keladi. Sammitlar doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi.