Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar orasida simptomlari mavsumiy o‘tkir respirator virusli kasalliklarga o‘xshash, biroq diareya va qusish bilan kechadigan infeksiya tarqalayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berdi.

Idoraning ta’kidlashicha, bunda hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q, chunki O‘RVI mavsumiy xarakterga ega va kuzda harorat pasayishi bilan kasallanish darajasi odatda oshadi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, shamollash mavsumi odatda avgust oyining oxiri — sentyabr oylarida boshlanadi. Biroq bu yil kasallanishning o‘sishi biroz kechroq — oktyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida kuzatilmoqda. Ya’ni bunda hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Ayrim hollarda respirator belgilar yo‘tal, aksirish, burun bitishi va harorat ko‘tarilishi, ba’zi bemorlarda esa oshqozon-ichak tizimi faoliyatining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasallikning kechishi har doim ham bir xil emasligini anglatadi va bunday ko‘rinishlar virus shtammlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning qayd etishicha, respirator kasalliklarning mavsumiy ko‘payishiga koronavirusning yangi mutatsiyasi sifatida qarash mutlaqo noto‘g‘ri. Bugungi kunda COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylanib ulgurdi. Ayni paytda mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror.

Xulosa o‘rnida ta’kidlanishicha, xavotirga o‘rin yo‘q. Bolada kasallik belgilari paydo bo‘lsa, ota-onalarga o‘z vaqtida oilaviy shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.