Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev qamoqdan chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 10 iyuldagi ajrimi bilan mansabdor shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirda tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Sobiq hokimga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining ish yurituvida bo‘lib, hozirda mazmunan ko‘rib chiqish uchun tayinlanish bosqichida.
Mahmud Xolbo‘tayev iyul oyida katta miqdorda pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. U Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda: 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209 (mansab soxtakorligi), 210 (pora olish) va 229-4 (yer berish tartibini buzish).