Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda AQSH tomonidan Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi. Tomonlar 2025-yil 23-sentyabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlat rahbariga AQSH prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi. Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida C5+1 formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.