Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup archa kesildi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Kusherbayevga ko‘ra, kesish 25-oktyabrga o‘tar kechasi Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasida Toshkent hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sayotgan daraxtlarni yangisiga almashtirish bo‘yicha topshirig‘i asosida amalga oshirilgan.
Bu prezident farmoni bilan joriy etilgan moratoriy talablarini buzish hisoblanadi, — dedi vazir maslahatchisi.
25-oktyabrdan boshlab kesilgan daraxtlar o‘rniga manzarali ko‘chatlar ekish boshlandi. Tabiatga yetkazilgan zarar 620,4 mln so‘mga baholanmoqda. To‘plangan hujjatlar tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Keyinroq Toshkent shahar hokimligi holatga izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Bobur ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida 83 tup eliks va 62 ming tupdan ziyod manzarali gujum ko‘chatlari o‘tqazilayotgan bo‘lsa-da, ilgari o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ayrim ishlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Ilgari bu yerda 145 tupga yaqin archa bo‘lib, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish ko‘zda tutilgan, biroq mas’ul shaxslar tomonidan belgilangan talablar buzilgan. Mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, zaruriy choralar ko‘riladi.
Holat yuzasidan Ekologiya vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab, avtomobil yo‘li bo‘ylab jami 174 tup daraxt va butalar kesilgan.
Holat yuzasidan ekologiya inspektorlari tomonidan tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 1,461 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimligi rahbariyati vaziyatni o‘z nazoratiga oldi va atrof-muhitga zarar yetkazgan mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilinadi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun vazirlik bilan hamkorlikda ish olib borilishi ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, inspektorlar tomonidan to‘plangan barcha materiallar qonunda belgilangan choralarni ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kesilgan daraxtlar o‘rniga 62,1 ming tup buta va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi.