28 noyabr kuni Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida bosh vazir Irakliy Koboxidzening Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatish haqidagi bayonotidan keyin stixiyali norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle.
Bundan tashqari, hukumat rahbari keyingi to‘rt yilga Yevropa grantlari va kreditlaridan voz kechishini ma’lum qildi. Bu Yevroparlamentning Gruziyadagi parlament saylovlarini haqiqiy emas deb e’tirof etgan va ularni bir yil davomida qayta o‘tkazishni talab qilgan rezolyutsiyasi fonida sodir bo‘ldi.
Bosh vazirning qarori aholi orasida norozilik uyg‘otdi. Minglab namoyishchilar Tbilisi va boshqa shaharlar ko‘chalariga chiqib, Kovaxidzening harakatlarini milliy manfaatlarga xiyonat va Konstitutsiyaning Yevropa integratsiyasi yo‘lini kafolatlovchi 78-moddasini buzish deb atadi. Namoyishchilar bunday qadamlar mamlakat kelajagiga tahdid solayotganini aytishdi.
"Gruzin orzusi" hukmron partiyasi bilan ziddiyatda bo‘lgan Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. U parlament binosi oldida yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqib, yangi saylovlar o‘tkazish va Yevropa bilan integratsiyalashuv yo‘lini davom ettirish uchun kurashishini aytdi.
Kechqurun namoyishni maxsus kuch va politsiya ko‘z yoshi gazi, vodomyotlar va hibslar yordamida tarqata boshladi. Ichki ishlar vazirligi 43 nafar politsiyachi qo‘lga olingani va 32 nafari jarohatlangani, ulardan 13 nafari jarrohlik yordamiga muhtojligini ma’lum qildi. Jabrlanganlar orasida voqealarni yoritgan jurnalistlar ham bor edi.