Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakat poytaxtini samolyotda tark etgani haqida Reuters va Al Hadath manbalari xabar bermoqda.
Prezident yakshanba kuni Damashqdan nomaʼlum yoʻnalishda uchib ketdi. Suriya Inson huquqlari kuzatuv markazining maʼlumotlariga koʻra, u shanba kuni kechqurun soat oʻnda shaharni tark etgan.
Muxolifat va islomchilarning “Al-Fath al-Mubin” nomli yagona qoʻmondonligi telegram-kanalida “Asad qochib ketdi” deyilgan. Qoʻzgʻolonchilar “Damashq zolim Bashar Asaddan ozod etildi” deb eʼlon qildi. Muxolifat kuchlari Damashqqa kirganliklarini maʼlum qildi.
Bashar Asadning ketgani haqidagi dastlabki xabarlar bir kun oldin tarqalgan, oʻshanda Suriya prezidenti devonxonasi bu maʼlumotlarni rad etgandi. “Devonxona prezident oʻz milliy va konstitutsiyaviy vazifalarini poytaxtdan turib bajarishda davom etayotganini tasdiqlaydi”, — deya taʼkidlangan edi 7-dekabr kuni kechqurun.
WSJ Suriya xavfsizlik xizmati manbalarga tayanib, Bashar Asad soʻnggi kunlarda bir nechta xalqaro tashrif, jumladan Rossiya va Eronga borgani haqida xabar berdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu xabarlarni sharhlashdan bosh tortdi. “Bu borada aytadigan gapim yoʻq”, — dedi prezident vakili. WSJ nashrining yozishicha, Asad xalqaro safarlardan “qoʻli boʻsh” qaytgan — ittifoqchilar yordam haqida aniq takliflar bermagan. “Asad oʻz tashqi ishlar vazirini juma kuni Bagʻdodga koʻproq kuch toʻplash uchun soʻnggi urinish sifatida joʻnatdi, biroq Iroq hukumatidan xushmuomalalik bilan rad javobini oldi, deya maʼlum qilishdi rasmiylar”.
Bloomberg manbalarga tayanib, Asad AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga kelishuvga erishishni taklif qilganini taʼkidlamoqda. Xususan, Suriya prezidenti AQSHga Damashq va Tehron hamkorligini toʻxtatish evaziga harbiy harakatlarni toʻxtatish uchun oʻz taʼsiridan foydalanishni taklif etgan.