Zargarlar mol-mulk va yer soligʻidan ozod etilishi mumkin

O‘zbekiston

Parlament deputatlari zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqib, qabul qildilar. Loyihada zargarlarni mol-mulk va yer soligʻidan ozod etish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga boʻlgan talabini qondirish, qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikdagi byurokratik toʻsiqlarni liberallashtirish maqsadida ayrim qonun hujjatlariga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni koʻzda tutadi.

Loyihaga koʻra, 2027-yil 1-sentyabrgacha “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo boʻlgan va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi.

Affinaj korxonalariga (litsenziya asosida qimmatbaho metallar va toshlar mavjud xomashyoni qayta ishlovchi) zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatbaho metallarni qulay shakl va hajmlarda sotish, shuningdek, qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash va sotish huquqi beriladi.

Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga esa oʻz mahsulotlarining yarim tayyor buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslarga vakolatli organni xabardor qilgan holda qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini xarid qilish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, loyihada chet elda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotish va chakana savdoda realizatsiya qilishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashni hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytiradi. Bu, oʻz navbatida, sohaning eksport salohiyatini oshirish va aholining sifatli zargarlik buyumlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.