Toshkentda erkak zapravkadagi tanqiddan keyin 15 sutkaga qamaldi

O‘zbekiston

Toshkentda metan zapravkasida videotasvir suratga olgan erkak mayda bezorilik uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bundan tashqari, erkakdan 843 ming so‘m undirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tuman sudi ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ish vaqti cheklanishini tanqid qilgani uchun erkakni 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildi. Sud qarori tahririyat ixtiyorida mavjud.

Eslatib o‘tamiz, cheklovlar Energetika vazirligi tomonidan dekabr oyi o‘rtalarida respublikani qamrab olgan sovuq ob-havo tufayli kiritilgandi. Bu metan quyish shoxobchalarida navbatlarga sabab bo‘ldi.

Toshkentning Bektemir tumanidagi bekatlardan birida navbat kutib turgan 47 yoshli erkak ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda vaziyatdan noroziligini bildirgan.

Uning aytishicha, gaz quyish shoxobchalari faoliyatidagi cheklovlar uni tirikchilik qilish imkoniyatidan mahrum qilmoqda, chunki u yo‘nalishli taksi haydovchisi bo‘lib ishlaydi, oilasini boqadi va nogiron onasiga qaraydi.

Sud majlisida erkak MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan mayda bezorilikda aybdor deb topildi. Ish materiallariga ko‘ra, u 2024-yil 23-dekabr kuni gaz quyish shoxobchasi xodimlarini haqorat qilib, jamoat tartibini buzgan. Ma’muriy ish qo‘zg‘atish uchun stansiya xodimining shikoyati asos bo‘ldi.

Sud hujjatlarida ma’lum qilinishicha, jamoat tartibini buzish fakti Instagram ijtimoiy tarmog‘ini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, videotasvir va ishda to‘plangan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlangan. Sud erkakni 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildi.

Bundan tashqari, erkakdan Toshkent shahridagi xalq orasida “Панельный” nomi bilan tanilgan Vaqtinchalik saqlash markazi (maxsus qabul qiluvchi) foydasiga 843 750 so‘m (65 AQSH dollari) undirilgan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.