Bo‘stonliqda noma’lum shaxslar Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayiqni o‘ldirdi

O‘zbekiston

Toshkent viloyati ekologlari Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla o‘rmon xo‘jaligida o‘tkazilgan reyd paytida Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ining terisini topib oldi. Noma’lum shaxslar hayvonni arqon yordamida o‘ldirib, go‘shtini olib ketishgan.

Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining “Axsarsoy” uchastkasida reyd o‘tkazdi.

Reyd vaqtida hududda hayvon terisi topildi. Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida ashyoviy dalillar tekshirilganda, teriga Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i tegishli ekanligi aniqlandi.

Noma’lum shaxslar ayiqni arqon bilan o‘ldirib, terisini voqea joyida qoldirib, hayvon tanasining barcha qismlarini olib ketishgan.

Ushbu holat yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasiga topshirildi.

Ta’kidlash joizki, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekiston Qizil kitobiga va CITES konvensiyasining I Ilovasiga zaif, keng tarqalgan, biroq mozaik tarzda tarqalgan kenja tur sifatida kiritilgan. Uni ovlash qat’iyan taqiqlangan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.