O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qonun o‘zgartirishlariga ko‘ra, sug‘urtalangan shaxslar endi sug‘urtalovchilarga da’vo kiritish uchun boj to‘lashdan ozod etildi.
Bu imtiyoz majburiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha da’volarga tatbiq etiladi. Biroq, undan faqat jabrlangan shaxslar yoki sug‘urta to‘lovlarini oluvchilar foydalanishlari mumkin.
Ilgari sug‘urtalovchilarga boj to‘lamasdan da’vo qilish huquqi faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)ga berilgan edi. Fuqarolar va yuridik shaxslar uchun boj da’vo talablarining 2 foizini tashkil etardi. Da’vogar g‘alaba qozonganda esa, uni javobgar to‘lashi kerak bo‘lardi.
Shuningdek, prezident imzolagan qonun pochta manzili o‘zgargan taqdirda korxonalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojidan ozod qildi. Bu imtiyoz hokimiyat organlari harakatlari tufayli manzil o‘zgargan hollarda amal qiladi.