EF English Proficiyency Index hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 116 mamlakat ichida ingliz tilini bilish reytingida 98-oʻrinni egalladi.
Portal maʼlumotlariga koʻra, mamlakat hali ham ingliz tilini bilish darajasi “juda past” mamlakatlar qatoriga kiradi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston 113 mamlakat va mintaqa ichida 93-oʻrinni egallagan edi.
Ingliz tilida soʻzlashmaydigan mamlakatlar orasida ingliz tilini hali ham Niderlandiyada yaxshi bilishadi (“juda yuqori daraja”), Norvegiya, Singapur, Shvetsiya va Xorvatiya keyingi oʻrinlarda turadi. Reytingda Yaman oxirgi oʻrinda.
Sobiq SSSR mamlakatlari orasida ingliz tilini juda yuqori darajadagi guruhga hech kim kirmagan, yuqori darajadagilar - Estoniya (20-oʻrin) va Litva (23-oʻrin). Gruziya (34), Belarus (35), Armaniston (38), Moldova (39), Ukraina (40) va Rossiyada (44) oʻrtacha ingliz tili koʻnikmalari mavjud.
Ingliz tilini bilish darajasi Ozarbayjon (86) va Qirgʻizistonda (88) past. Oʻzbekistondan tashqari Qozogʻiston (103) va Tojikistonda (109) ingliz tilini bilish darajasi juda past.
Afgʻonistonda (95-oʻrin) ingliz tilini Oʻzbekistonga qaraganda yaxshiroq bilishadi.
Oʻzbekiston 2018-yildan buyon EF EPI reytingida qatnashib kelmoqda - birinchi marta 88 tadan 86-oʻrinni egallagan, 2019-yilda 100 tadan 95-oʻringa tushgan (oʻsha yili Toshkent dunyoning poytaxtlari va yirik shaharlari orasida ingliz tilini bilish boʻyicha roʻyxatda oxirgi oʻrinni egallagan), 2020-yilda mamlakat 99 tadan 88-oʻringa koʻtarilgan, 2021-yilda dunyoning 112 mamlakati orasida 88-oʻrinni saqlab qolgan, 2022-yilda 111 mamlakatdan 89-oʻringa tushgan, 2023-yilda esa yanada past — 113 mamlakatdan 93-oʻringa tushgan. Hozir mamlakat 116 mamlakat ichida 98-oʻrinni egallab turibdi, yaʼni pasayish besh pogʻonani tashkil etdi.
Mamlakat 2024-yilgi hisobotda oʻtgan yilga nisbatan 3 ballga tushib, 439 ball toʻpladi.
Oʻzbekistonda hududlar boʻyicha reytingda Toshkent viloyatida ingliz tilini eng yaxshi biladiganlar bor, ammo shaharlar orasida Toshkent emas, Andijon yetakchilik qilmoqda. Toshkent ikkinchi oʻrinda. Ingliz tilini 31 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan odamlar yaxshi bilishadi. Ayollar va erkaklar tilni bir xil darajada bilishadi.