Janubiy Koreyaning mashhur “Diplomacy Journal” nashri sahifalarida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining yutuqlari yuqori baholangan maqola eʼlon qilindi. Taʼkidlanishicha, milliy armiya barqarorlikning ishonchli tayanchi va “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo etish doirasidagi islohotlarning muhim elementiga aylandi.
Maqolada islohotlarning bir nechta asosiy yoʻnalishlariga eʼtibor qaratilgan:
Harbiy-maʼmuriy sektorlarni tashkil etish. “Xalq va armiya - bir tanu bir jon” tamoyili asosida faoliyat yurituvchi ushbu tuzilmalar harbiylar, mahalliy hokimiyat va aholi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlab, hududiy mudofaa vazifalarini bajarmoqda.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish. Ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda Oʻzbekistonda Harbiy sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari instituti va Oliy harbiy aviatsiya maktabi kabi yangi taʼlim muassasalari ochildi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasi va Markaziy Osiyo Tibbiyot fanlari akademiyasining moddiy-texnik bazasi modernizatsiya qilindi.
Mudofaa sanoatini rivojlantirish. Mudofaa sanoati agentligi tashkil etilgani zamonaviy qurollar, jumladan, “Arslon,” “Tarlon-M,” “Qalqon” zirhli transportyorlari va “Lochin” dronlarini mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. NATO standartlariga javob beradigan “Arslon” zirhli transport vositasi har qanday sharoitda ham vazifalarni samarali bajarishga qodir.
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash. Soʻnggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli uy-joy bilan taʼminlandi, ularning oila aʼzolari taʼlim va kasb-hunar dasturlari bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning 6 mingdan ziyod farzandi oliy oʻquv yurtlariga davlat stipendiyasi asosida imtihonsiz oʻqishga kirdi.
Vatanparvarlik tarbiyasi. Qurolli kuchlar, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida milliy gʻururni mustahkamlashga qaratilgan taʼlim va madaniy-vatanparvarlik tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. “Ochiq eshiklar kunlari” va “Komandir va yoshlar,” “Harbiy qismda bir kun” kabi loyihalar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Xalqaro hamkorlik. Oʻzbekiston bir qator davlatlar, jumladan, AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston va boshqalar bilan aloqalarni mustahkamlamoqda. Xalqaro mashgʻulotlar va tadbirlar Oʻzbekiston armiyasining global maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Soʻnggi yillarda armiyaning zamonaviy qurol-yarogʻ bilan taʼminlanganlik darajasi 45 foizga yetdi, bu esa jangovar imkoniyatlarning ikki barobar oshishiga olib keldi. Bu yutuqlar milliy armiyamiz mamlakatning mudofaa qobiliyati va barqarorligini mustahkamlashda asosiy rol oʻynashini tasdiqlaydi.