Oʻzbekistonda ijrochilarga konsertlarda fonogrammadan foydalanish darajasini koʻrsatish majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi xabar umumiy reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak.
Senatorlar tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotgan qonun maʼqullandi.
“Bu tomoshabinlarga ongli tanlov qilishga yordam beradi. Qaysi xonanda kuylaydi, kim musiqa yozgan, ijro qanchalik jonli, fonogrammadan foydalaniladimi — barchasi aniq va shaffof boʻladi”, — deyiladi Senat xabarida.
Bundan tashqari, Madaniyat vazirligiga jonli ijrochilik sanʼatini rivojlantirish hamda sanʼatkorlar, ijodkorlar va ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq bir qator vakolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.