Rossiyalik sport telesharhlovchisi Denis Kazanskiy “Komment. Shou” nomli Youtube-kanali Abduqodir Husanovga Oʻzbekistonda haykal qoʻyilishi kerakligini taxmin qildi.
“Men 2018-yilgi Jahon chempionatida boʻldim, u Rossiyada boʻlganida, men va hamkasbim Yelagin [Aleksandr Yelagin (Masalov), sport sharhlovchisi — tahr.] bir oʻzbek telekompaniyasiga “shabashka” qilgandik. Jahon chempionatidan keyin hakam [Ravshan] Ermatov qaytgan paytlar ham boʻldi. Afsona. U yetib keldi va uni samolyot trapida deyarli butun Oʻzbekiston kutib oldi. Yaʼni u Maykl Jekson darajasidagi yulduz edi. Mana, u jahon chempionatidan qaytdi. Eng yaxshi oʻzbek hakami. Yaʼni, hozir tushuningki, shartli ravishda Husanov futbol boʻyicha eng yaxshi jahon chempionatiga bordi [Angliya Premyer-ligasi — tahr. izohi]. Menimcha, unga yodgorlik oʻrnatilishi kerak”, — dedi Kazanskiy.
Oʻzbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Vitaliy Denisov bu fikrlarga munosabat bildirib, sharhlovchiga “uni toʻgʻridan-toʻgʻri bunchalik koʻklarga koʻtarish kerak emas”ligini aytdi.
“Hozir koʻkka koʻtarmaylik, koʻz tegmasin. Yigitcha bemalol oʻynayversin. Birinchi oʻyin — birinchi quymoq deganlaridek. Ammo, ehtimol, bu yaxshilikkadir”, — dedi Denisov.
Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida Angliyaning “Manchester Siti” klubi Fransiyaning “Lans” klubi bilan 20 yoshli futbolchining transferi boʻyicha kelishuvga erishgan edi. Bitim summasi 40 million yevro va bonuslarni tashkil etdi, shartnoma esa 2029-yilgacha moʻljallangan.
Abduqodir Husanov “Siti” safidagi ilk oʻyinida “Chelsi”ga qarshi maydonga tushdi. Oʻyinning 2-daqiqasidayoq Husanov halokatli xatoga yoʻl qoʻydi va jamoasi darvozasiga gol “olib keldi”.
8-fevral kuni Husanov Angliya kubogi doirasida “Leyton”ga qarshi oʻyinda maydonga tushdi va oʻyinning 56-daqiqasida jamoadoshi Rik Lyuisning zarbasi ostida qolgan gavdasini golga aylantirib, klub safidagi ilk golini urdi.
Qoʻshimcha qilish kerakki, Abduqodir Husanov ham Yevropaning klublar oʻrtasidagi asosiy turnirida oʻzini koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi. “Manchester Siti” oʻzbekistonlik himoyachini Chempionlar ligasi pley-off bosqichi qaydnomasiga kiritdi. Jamoa fevral oyida keyingi bosqich yoʻllanmasi uchun Madridning “Real” klubi bilan toʻqnash keladi.