AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Rossiya bilan Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha dastlabki muzokaralarni oʻtkazgan boʻlsada, Vladimir Putin hali ham butun mamlakat ustidan nazoratni qoʻlga kiritmoqchi. Bu haqda NBC News Gʻarb razvedkasining toʻrt nafar vakili va AQSH Kongressining ikki vakiliga tayanib xabar bermoqda.
“Bizda hozir Putin haqiqiy tinchlik kelishuvidan manfaatdor ekani haqida hech qanday razvedka maʼlumoti yoʻq”, — dedi Kongressning ismi oshkor etilmagan amaldorlaridan biri. Nashrning yana bir anonim manbasiga koʻra, Putin Rossiya harbiylari jang maydonida gʻalaba qozonayotganiga ishonchi komil va Rossiya armiyasi koʻrayotgan yoʻqotishlar uni urushni toʻxtatishga majbur qilmaydi.
NBC News manbalari Putin oʻt ochishni toʻxtatish va tinchlik kelishuviga rozi boʻlishi mumkinligiga ishonchi komil, chunki bu Rossiya armiyasiga tiklanish uchun vaqt beradi. Ularning soʻzlariga koʻra, Yevropa va AQSH rasmiylari Putinning murosaga kelish va mustahkam sulh tuzishga rozi boʻlishiga shubha bilan qaramoqda.
NBC Newsʼning yozishicha, baʼzi rasmiylar Putin boshqa davlatlar qanday yon berishga rozi boʻlishi va Rossiya xalqaro maydonga qanchalik qaytishi mumkinligini koʻrish uchun muzokaralar olib borishi mumkin, degan fikrni bildirmoqda. Shu bilan birga, u Ukrainadan qoʻshinlarni olib chiqishni rejalashtirmayapti.
Trampning soʻzlariga koʻra, oʻtgan haftadagi telefon suhbati chogʻida Putin unga urushni tugatish istagini bildirgan. “Bu mening [Putinga] birinchi savolim edi, chunki agar u davom ettirmoqchi boʻlsa, bu biz va shaxsan men uchun katta muammo boʻlardi. <...> Menimcha, u bunga barham berib, buni tezroq amalga oshirmoqchi”, — deya taʼkidlaydi AQSH prezidenti. Shuningdek, u Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham unga xuddi shunday istak bildirganini aytdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Moskva va Vashington mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish rejasini - oʻt ochishni toʻxtatish, Ukrainadagi saylovlar va yakuniy kelishuvni taqdim etgandi. Fox News manbalarga tayanib xabar berishicha, ikki davlat rahbarlari Zelenskiyning qayta saylanishi istiqbollariga shubha bilan qaramoqda.