Yevropa Ittifoqi Kengashi Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakil tayinladi

Dunyo

Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili etib tayinlandi va 2025-yil 1-martdan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Uning vakolati ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, demokratiya va inson huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi Eduards Stipraysni Yevropa Ittifoqining (SPES) Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili etib tayinlaganini e’lon qildi. U 2025-yil 1-martdan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi va uning dastlabki vakolati ikki yilga mo‘ljallangan.

Stipraysning asosiy vazifasi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, barqarorlik, hamkorlik, demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashish bo‘ladi. Bundan tashqari, u Yevropa Ittifoqining mintaqadagi samaradorligi va e’tiborini oshirish, jumladan, YXHT va BMT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish ustida ish olib boradi.

Latviyalik diplomat Stiprays xalqaro sohada katta tajribaga ega. U Latviyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Latviyaning Buyuk Britaniya va Fransiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan.

Yevropa Ittifoqining maxsus vakili lavozimida u 2021 yil iyulidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan Terxi Xakala o‘rnini egallaydi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.