Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlanadi

O‘zbekiston

Ishlar qish oxiriga to‘g‘ri keldi.

Foto: Illyustratsiya

Toshkentda qish mavsumi yakunlangach, yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlanadi. Poytaxt hokimligi ishlar 7-martdan boshlanishini ma’lum qildi.

Mutaxassislar Toshkentning transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalari holatini tekshirib chiqdilar. Tahlil natijalariga ko‘ra, 2025-yilda joriy va kapital ta’mirlanishi lozim bo‘lgan ko‘chalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqildi.

Dastur doirasida umumiy maydoni 65 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Ishlar 7-martdan boshlanib, qoplamaning uzoq muddat chidamliligini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallardan foydalangan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan amalga oshiriladi.

Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi, deyiladi hokimlik xabarida.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.