O‘zbekiston bosh vaziri va amaldorlari mahalliy avtomobillarga o‘tmoqda

O‘zbekiston

Abdulla Aripov Mercedes-Benz`dan voz kechib, Malibu`dan foydalanishni boshladi.

Фото: «Газета.uz»

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov xizmat mashinasini Mercedes-Benz’dan Malibu’ga almashtirdi. Bu haqda “Gazeta.uz””ga hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.

7 mart kuni Abdulla Aripov videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha mutasaddilarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanmaslik bo‘yicha topshiriq bergandi.

“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20-martdan yoki 1-apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, — degan bosh vazir videoselektorda.

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari allaqachon “mahalliy avtomobillar”dan foydalanishga o‘tgan.

Xususan, bosh vazir o‘rinbosarlari endi “Malibu” sedanidan, viloyat hokimlari esa "Tahoe" yoki "Traverse" yo‘ltanlamaslaridan foydalanmoqda. Bekzod Hidoyatovning aniqlik kiritishicha, barcha avtomobillar yangi emas, balki transport qismida yoki "garaj"da mavjud. Ilgari foydalanilgan xizmat avtomashinalari bosqichma-bosqich “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqariladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham Malibu, hududlarga chiqishda esa Chevrolet Tahoe avtomobillaridan foydalanmoqda.

Shu bilan birga, Equinox, Traverse, Tahoe va Malibu avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi, balki UzAuto Motors tomonidan import qilinadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.