Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari “Medeu” togʻ-changʻi klasterini borib koʻrdi

Dunyo

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Joʻmart Toʻqayev figurali uchuvchilarning koʻrgazmali chiqishlarini ham tomosha qildi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev “Medeu” togʻ-changʻi klasteriga tashrif buyurdilar.

Davlat rahbariga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan “Medeu” toʻgʻonining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida soʻzlab berildi.

“Medeu” toʻgʻonining tepasiga 842 pogʻonadan iborat “Salomatlik zinapoyasi” olib boradi. 2011-yilda toʻgʻon yonida “Shimbuloq” togʻ-changʻi maskaniga eltuvchi 4,5 kilometr uzunlikdagi dor yoʻli qurilgan.

“Medeu” sport majmuasi 1972-yilda barpo etilgan boʻlib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan.

Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr boʻlib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.

Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

2011-yilda bu yerda VII qishki Osiyo oʻyinlari, 2017-yilda Butunjahon Universiada musobaqalari oʻtkazilgan.

Tanishuv chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning koʻrgazmali chiqishlarini tomosha qildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.