Ijtimoiy tarmoqlarda metroda odamlar ketayotgan poyezd vagoni bekatlar oraligʻida qolib ketgani haqida maʼlumot paydo boʻldi. “Toshkent metropoliteni” hodisaga izoh berdi.
Hodisa taxminan soat 07:53 da sodir boʻlgan. “Mingoʻrik” bekatidan harakatlanayotgan 67-sonli poyezdda nosozlik aniqlandi. Shu sababli, “Ming oʻrik” va “Yunus Rajabiy” bekatlari oʻrtasidagi poyezdlar harakati yoʻlovchilar xavfsizligi uchun toʻxtatildi.
Mashinist tomonidan koʻrilgan tezkor choralar natijasida poyezd konstruksiyasidagi nosozlik uch daqiqa ichida bartaraf etilib, poyezd harakatini davom ettirgan. Ayni paytda yoʻnalishdagi poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.