Qashqadaryodagi zavod yoʻl uchun archalarni kesib, ruxsatsiz koʻmir qazib olgan
Yakkabogʻ tumanida xususiy zavod koʻmir konigacha yoʻl qurish chogʻida 480 mln soʻmlik oʻsimliklarni, jumladan 24 tup zarafshon archasini yoʻq qildi. Bundan tashqari, korxona faqat geologik qidiruv uchun ruxsatnomaga ega boʻlsa-da, koʻmir qazib olgan.
Mega Asia Salt and Quartz kompaniyasining qoidabuzarliklari haqida Qashqadaryo viloyati IIB xabar berdi.
Yoʻl Zarmas koʻmir konigacha qurilgan. Uning yoʻlida 24 tup zarafshon archasi, 9 tup shilvi va 3 mingga yaqin boshqa butalar qoʻporib tashlangan.
Shuningdek, korxonaga faqat geologik qidiruv uchun ruxsat berilgan boʻlsa-da, u konda koʻmir qazib olgani maʼlum boʻldi. Xodimlardan biri noqonuniy qazib olingan 500 tonna koʻmirni 350 mln soʻmga sotishga kelishgan. U dastlabki 50 mln soʻmni olayotgan vaqtda ushlandi.
Korxona rahbari va boshqa aloqador shaxslarga nisbatan oʻzboshimchalik hamda katta zarar yetkazgan holda daraxt va boshqa oʻsimliklarni qasddan yoʻq qilish moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Avvalroq noqonuniy daraxt kesish tabiatga 10 mlrd soʻm zarar yetkazgani xabar qilingan edi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.