Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Toshkent tumanlarida, shuningdek, poytaxtning Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod, Bektemir va Olmazor tumanlarida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining belgilangan meʼyordan oshib ketish sabablari tadqiq qilindi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Toshkent va Toshkent viloyati bilan chegaradosh boʻlgan Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab Eshonguzar qishlogʻidan Toshkent pediatriya tibbiyot institutigacha boʻlgan 9 ta lokatsiyada ifloslanish darajasi tahlil qilindi. Natijada, PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalarning miqdori 0,05 mg dan 540 mg gacha oshganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, faoliyat koʻrsatayotgan 440 ta issiqxonadan 46 tasi mavsumiy va qozonxonaga ega emasligi aniqlangan (Zangiota tumanida 16, Qibray tumanida 10, Toshkent tumanida 4, Yunusobod tumanida 11, Mirzo Ulugʻbek tumanida 5).
Nazorat tadbirlari davomida qozonxonalardan foydalanish qoidalarini buzgan 37 ta issiqxona egasi jarimaga tortildi, 46 ta issiqxona faoliyati toʻxtatildi.
Issiqxonalarning 426 nafar egasi ekologik talablarga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish zarurligi, rezina va boshqa chiqindilardan yoqilgʻi sifatida foydalanish taqiqlangani haqida ogohlantirildi.