88 yoshli Rim papasi Fransisk soʻnggi oylarda sogʻligʻi bilan bogʻliq turli muammolarga duch kelgan, biroq oʻz lavozimidan voz kechish niyatida emasligini maʼlum qildi, deb yozadi Euronews.
Vatikanning xabar berishicha, 14-fevral, juma kuni pontifik bronxitni tekshirish va davolash uchun kasalxonaga yotqizilgan. Payshanba kuni unga kasallik tashxisi qoʻyilgan, ammo u Avliyo Marta uyidagi qarorgohida qabulni davom ettirgan.
Yoshligida bir oʻpkasining bir qismi olib tashlangan Fransisk soʻnggi paytlarda bir necha bor bronxit bilan ogʻrigan. Avvalroq u ham jarohat olgan - dekabr oyida yiqilish paytida iyagi lat yegan, yanvar oyida esa xuddi shunday hodisa natijasida oʻng qoʻli shikastlangan.
Pontifik 2023-yil iyun oyida ichak operatsiyasini oʻtkazgan Rimdagi Agostino Jemelli klinikasiga yotqiziladi.
Vatikan maʼlumotlariga koʻra, shifoxonaga borishdan oldin Fransisk ertalabki vazifalarini bajargan, jumladan, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashgan. Uning klinikada qancha vaqt qolganiga hozircha aniqlik kiritilmagan.
Pontifikning jadvalida muhim tadbirlar belgilangan: 15-fevral, shanba kuni u Muqaddas yil doirasida rassomlar bilan uchrashishi, 16-fevral, yakshanba kuni esa ibodat qilishi kerak.
Fransisk bir necha bor lavozimidan ketish imkoniyatini koʻrib chiqmayotganini aytgan. U oʻzining “Umid” nomli avtobiografik kitobida 2021-yilda oʻtkazilgan murakkab operatsiyadan keyin ham isteʼfoga chiqish haqida oʻylamaganini taʼkidlagan.
Avvalroq 2024-yil sentyabrda Rim papasi Fransisk Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniya boʻylab safari davomida uni kuzatib borgan jurnalistlarga, AQSH prezidentligiga daʼvogarlarning ikkisi ham “hayotga qarshi ekanini: biri muhojirlarni haydab chiqarayotgani, boshqasi esa bolalarni oʻldirayotgani” haqida aytgan.