Suriya prezidenti Bashar Asad va uning oila aʼzolari Moskvaga yetib keldi va Rossiya ularga boshpana berdi, deb xabar qildi TASS Kremldagi manbaga tayanib.
Asadning prezidentlik lavozimidan isteʼfo bergani va Suriyani tark etgani haqidagi birinchi rasmiy bayonot yakshanba kuni ertalab aynan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berildi.
Biroq oʻsha paytda Rossiya tashqi siyosat idorasi Asadning qayerdaligi haqida hech qanday maʼlumot bermadi.
Keyinroq Rossiya ommaviy axborot vositalari bir vaqtning oʻzida Kremldagi manbaga tayanib, Rossiya Asad va uning yaqinlariga “insonparvarlik nuqtai nazaridan” boshpana berganini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, yakshanba kuni erta tongda, qoʻzgʻolonchilar qarshiliksiz Damashqqa kirgandan soʻng, Rossiyada terrorchi deb tan olingan va taqiqlangan “Hayʼat Tahrir ash-Shom” guruhi va uning ittifoqchilari “zolim Bashar Asad qochdi” deb eʼlon qilishdi.
Shundan soʻng Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv kengashi (SOHR) rahbari Rami Abdul Rahmon, Asad boʻlishi mumkin boʻlgan samolyot “harbiy xavfsizlik kuchlari obyektdan chiqib ketmasidan oldin Damashq xalqaro aeroporti orqali Suriyani tark etganini” maʼlum qildi.
Rahmonga koʻra, u samolyotning shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da (GMT 20:00) uchishi kerakligi haqida maʼlumotga ega.
Flightradar24 sayti bu vaqtda hech qanday parvozni qayd etmagan, ammo Cham Wings Airlines aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti shanba kuni yakshanbaga oʻtar kechasi soat 00:56 atrofida Birlashgan Arab Amirliklarining Sharjasiga uchib ketgan.
Bu samolyot Sharjaga oʻz vaqtida qoʻndi. Biroq Birlashgan Arab Amirliklari prezidentining diplomatik maslahatchisi Bahrayndagi jurnalistlarga Asadning BAAda ekanligi haqida maʼlumotga ega emasligini aytdi.
Shu bilan birga, Reuters axborot agentligi Suriya armiyasining ikki yuqori martabali zobitiga tayanib, Asad yakshanba kuni ertalab Damashq aeroportida Syrian Air samolyotiga oʻtirgani haqida xabar berdi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Il-76T Syrian Air yuk samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 03:59 da aeroportdan uchib ketgan, biroq parvoz rejasida belgilangan manzil koʻrsatilmagan.