Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov BOMI Engineering & Construction kompaniyasi prezidenti Kim Dok Yong bilan ishchi uchrashuv oʻtkazdi. Suhbat davomida poytaxtni rivojlantirishning asosiy jihatlari, jumladan, amalga oshirilayotgan islohotlar va Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati tufayli xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar muhokama qilindi.
Hokim Toshkent shahridagi joriy va istiqbolli loyihalar haqida maʼlumot berib, shahar hokimiyati ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Kim Dok Yong uchrashuvni tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, Toshkentning investitsion salohiyati yuqori ekanligini qayd etdi. U BOMI Engineering & Construction faoliyati haqida soʻzlab, uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, kompaniyaning poytaxtdagi joriy loyihalari bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi.
Shavkat Umurzoqov shahar maʼmuriyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga ishonch bildirib, qoʻshma tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.
BOMI Engineering & Construction Co., Ltd. — 1992-yilda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning yirik qurilish kompaniyasi. U turar-joy, sanoat va tijorat obyektlari qurilishiga ixtisoslashgan. Toshkentda kompaniya “Tashkent City” xalqaro biznes markazi doirasida “A” toifasidagi biznes markazini qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaga 100 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ sarflanmoqda.