Tabiat va turizm: masʼullar dam olish maskanlarini tashkil etish va bioxilma-xillikni saqlash masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston

Davlat boshqaruvi akademiyasida 2025-yil Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha prezident tomonidan qoʻyilgan vazifalarni chuqurroq tushunish uchun organ rahbarlari, shuningdek, tuman va shahar sektorlari rahbarlari uchun seminar boshlandi.

Foto: Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda tuman va shahar sektorlari rahbarlari uchun amaliy yoʻnaltirilgan seminar oʻz ishini boshladi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad 2024-yil 18-20-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining majlisida davlatimiz rahbari tomonidan rahbarlar oldiga qoʻyilgan vazifalar haqidagi tushunchalarni chuqurlashtirish. Shuningdek, seminar 2025-yil Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili konsepsiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Seminarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Ekologiya vazirligi va Turizm qoʻmitasi vakillari, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida bioxilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyati, ekoturizmni rivojlantirish va zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish sohasidagi ilgʻor tajribalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, mavzu yuzasidan taqdimotlar oʻtkazilib, zaruriy tavsiyalar berildi.

Turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi xizmatlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Chorvoq darvozasi” va “Ugam River” turistik majmualariga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida ushbu yoʻnalishdagi ishlar haqida taqdimot oʻtkazdi.

Shuningdek, Boʻstonliqda ekologik talablarga javob beradigan kapsulali uylardan iborat zamonaviy dam olish maskani tashkil etilgani haqida maʼlumot berildi. Sektor rahbarlari oʻz hududlarida bu boradagi tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Seminarda davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirishning yangi tendensiyalari muhokama qilindi. Turizmning barqaror ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishdagi muhim qadamlarga bagʻishlangan seminar doirasida Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, rekreatsiya zonalarini tashkil etish va turizm sohasidagi mavjud muammolarni hal etish chora-tadbirlari haqida maʼlumot berildi.

Turizm qoʻmitasi vakillari joylashtirish vositalari va modulli mehmonxonalar uchun ajratilayotgan subsidiyalar haqida ham maʼlumot berdilar. Ushbu subsidiyalar turizmni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining bir qismi boʻlib, infratuzilmani yaxshilash va yangi investitsiya tartib-taomillarini tashkil etishga yordam beradi.

Tadbir ishtirokchilari jamoat joylari va turizm namoyishi obyektlarida sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlarda servis xizmati koʻrsatish haqida maʼlumot berdilar. Shuningdek, turizm salohiyati yuqori boʻlgan shahar va tumanlarda bosh rejalarni ishlab chiqish asosida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay yashash va toʻsiqsiz muhitni yaratish, dam olish zonalarini tashkil etish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, bosh rejalarga muvofiq hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tabiiy hududlarda barqaror turizm, shuningdek, hududlarning turizm salohiyatini targʻib qilish, modulli mehmonxonalar kontentini, joylashtirish vositalarini rivojlantirish va subsidiyalash boʻyicha yondashuvlar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari Toshkent viloyatining turistik imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurishlari rejalashtirilgan.

Seminar natijalarining Oʻzbekiston turizm sohasining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish va ekoturizm, etnoturizm va ekstremal turizm kabi yoʻnalishlarni yanada rivojlantirish hamda mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.