Nukusda 3 yanvar kuni FVV muhandislik-qurilish batalonida muddatli xizmatni o‘tayotgan askar tinch aholiga hujum qildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy xizmatchi harbiy qismni mast holda tark etgan. Shundan so‘ng u uyga kirib, uxlab yotgan besh nafar ijaradorni pichoqlab jarohatlagan. Jabrlanganlardan biri voqea joyida vafot etgan, qolganlari shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan "Qasddan odam o‘ldirish" va "Odam o‘ldirishga suiqasd qilish" moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlangan va qamoqda saqlanmoqda.
Tergov Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Shamsutdinov.