O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq amaldori Komil Allamjonovga suiqasd qilish ishi harbiy sudga topshirildi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayoni allaqachon boshlangan. Shu bilan birga, u to‘liq maxfiylashtirilgan.
“Ayblanuvchilarning ko‘pligi, ayblovning jiddiyligi va jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay, hodisaning ko‘plab jihatlari noma’lumligicha qolmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ta’kidlash joizki, bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Rasmiylar hozircha holat yuzasidan izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, 26 oktyabr kuni O‘zbekiston prokuraturasi mamlakatning Toshkent viloyatida ikki noma’lum shaxs Range Rover’ni o‘qqa tutgani haqida xabar bergan edi. Avtomobilda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov bo‘lgan.
Keyinchalik matbuotda qandaydir “chechen izi” haqida mish-mishlar tarqaldi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekistonda sobiq amaldor o‘tirgan avtomobilni o‘qqa tutishdagi "chechen izi" haqidagi bayonotlarni asossiz deb atadi.