Hisob palatasi 4,5 trln soʻmlik davlat xaridlarida xatolar aniqladi

O‘zbekiston

Hisob palatasi oʻtgan yili 4,5 trillion soʻmlik davlat xaridlarida kamchiliklar borligini aniqladi. Bu yoʻnalishdagi tizimli ishlar 2025-yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun Hisob palatasining “Masofaviy audit” tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning maʼlumotlar bazasi kiritiladi.

Oʻzbekistonda byudjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazorat kuchaytiriladi. Shavkat Mirziyoyev Hisob palatasining 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari va 2025-yilga moʻljallangan asosiy vazifalar toʻgʻrisidagi taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Soʻnggi yillarda Hisob palatasi faoliyati oʻzgardi, u hududlarda budjet intizomiga rioya etilishiga koʻmaklashuvchi tuzilmaga aylandi. Eskirgan tekshiruv tizimi oʻrniga xalqaro standartlarga asoslangan audit tizimi joriy etildi. Jahon bankining “Tashqi audit koʻrsatkichi”da Oʻzbekiston “yaxshi” darajaga koʻtarildi.

Natijada, 2024-yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan budjetga 3,7 trln soʻm qoʻshimcha tushumlarni taʼminladi. Vazirlik va idoralarning samarasiz xarajatlari 9,2 trln soʻmga optimallashtirildi, 2,3 trln soʻmlik moliyaviy kamomadlarning oldi olindi. Davlat xaridlari sohasida 4,5 trillion soʻmlik kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi.

Taʼkidlanganidek, bu yoʻnalishdagi ishlarni joriy yilda ham davom ettirish zarur.

“Shu maqsadda Hisob palatasining ”Masofaviy audit“ axborot tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning maʼlumotlar bazalari kiritiladi. Bu joriy yilda 480 trillion soʻmlik byudjet xarajatlarini monitoring bilan toʻliq qamrab olish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, byudjet daromadlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xatarlarning oldini olish, davlat ulushi mavjud korxonalarning moliyaviy faoliyatini nazorat qilish doimiy vazifa boʻlib qolmoqda.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.