Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni lavozimga rasman kirishgani bilan tabrikladi

O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni prezidentlik lavozimiga rasman kirishgani bilan tabrikladi. Davlat rahbari oʻz qutlovida Oʻzbekiston AQSHning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini yuksak qadrlashini taʼkidladi.

Bugun, 21-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti lavozimiga rasman kirishgani bilan tabrikladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi maʼlum qildi.

Shavkat Mirziyoyev oʻz qutlovida Donald Trampning yangi prezidentlik davrida AQSHning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori, iqtisodiy qudrati va salohiyati, global miqyosdagi oʻrni va ahamiyati yanada yuksalishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, u Oʻzbekiston AQSHning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini yuqori baholaydi va alohida qadrlashini taʼkidladi.

“Sizning birinchi prezidentlik davringizda Oʻzbekiston–AQSH oʻrtasida yangi davrdagi strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilganini va koʻp qirrali aloqalarimiz yuqori bosqichga koʻtarilganini taʼkidlab oʻtishni istar edim. Biz bundan keyin ham ikki va koʻp tomonlama platformalar doirasida uzoq muddatli hamkorligimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”, — deyiladi prezident maktubida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.

Eslatib oʻtamiz, 20-yanvar, dushanba kuni Tramp Vashingtondagi Kapitoliy rotonida qasamyod qildi. U AQSHning 47-prezidenti boʻldi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.