NBC News: AQSH butun dunyo boʻylab bir nechta konsulliklarni yopishi mumkin

Dunyo

AQSH Davlat departamenti byudjetini optimallashtirish doirasida prezident Donald Tramp maʼmuriyati mamlakatning butun dunyo boʻylab bir qator konsullik muassasalarini yopish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. NBC jurnalistlari maʼlumotlariga koʻra, Kanada, Meksika, Tinch okeani orollari, shuningdek, Yevropadagi konsulliklar qisqartirilishi mumkin.

Foto: Chip Somodevilla / Getty Images

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Davlat departamenti xarajatlarini optimallashtirish doirasida mamlakatning dunyo boʻylab bir nechta konsulliklarini yopish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, deb yozadi NBC News manbalarga tayanib.

Ularning maʼlumotlariga koʻra, Kanada, Meksika, Tinch okeani orollari, shuningdek, Yevropadagi konsulliklar qisqartirilishi mumkin. Yopilishi mumkin boʻlgan Yevropa konsulliklarining aksariyati Germaniya va Fransiyada joylashgan.

Donald Tramp yopilishi taklif qilinayotgan konsulliklar roʻyxati bilan tanishdi, biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Diplomatik vakolatxonalar yopilishi mumkin boʻlgan muddatlar ham hozircha belgilanmagan.

Davlat departamenti konsulliklardan ularning faoliyati haqida maʼlumot soʻradi. Vazirlik, shuningdek, diplomatik vakolatxonalarning “Avvalo Amerika” dasturiga muvofiqligini baholaydi, deya xabar berdi manbalar.

Rasmiylar ushbu konsulliklarning diplomatiya nuqtai nazaridan ishlashi zarurligi, shuningdek, ularda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha hukumat faoliyati turlari, jumladan, boshqa davlatlar bilan harbiy aloqalar va razvedka maʼlumotlarini toʻplash masalalarini muhokama qilmoqda.

Donald Tramp AQSH prezidenti lavozimiga kirishganidan soʻng Vashingtonda milliarder Ilon Mask boshchiligidagi davlat samaradorligi departamenti ish boshladi. Bir yarim yil ichida bu tuzilma Amerika hukumati ishining samaradorligini oshirishi kerak.

AQSH hukumati xarajatlarini optimallashtirish doirasida boshqa mamlakatlarga yordam dasturlari toʻxtatildi, federal amaldorlarga esa ishdan boʻshash va kompensatsiya olish taklif qilindi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.