Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida qurilayotgan “Ugam River” sayyohlik majmuasiga tashrif buyurganini davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qildi.
Ilgari Ugom daryosi boʻyidagi hudud toshloq yer boʻlib, undan unumli foydalanilmagan edi. Qiymati 1 trillion soʻmdan oshiq boʻlgan loyiha doirasida 14 gektarga yaqin maydonda qurilish ishlari boshlandi. Hozirgi kunda 5, 6 va 7 qavatli 17 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda, ularda jami 870 ta xonadon boʻladi.
Bundan tashqari, majmua hududida 16 ta kottej, 3 ta restoran, 20 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Bolalar oʻyin maydonlari, yopiq suzish havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, togʻ va qirgʻoq boʻylarida sayr qilish yoʻlaklari barpo etiladi.
Bu yangi majmua yiliga 200 ming nafargacha tashrif buyuruvchilarni qabul qila oladi, bu esa hududning sayyohlik salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.
Birinchi bosqichda loyihada koʻzda tutilgan barcha koʻp qavatli uylarni kelasi yil boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Goʻzal tabiat va musaffo havo sayyohlarni oʻziga jalb etadi. Shuni hisobga olib, mavjud oʻrmonzor hududida qoʻshimcha 20 ming tup daraxt ekiladi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda har kuni 1 ming kub metr daryo suvi qayta ishlanadi. Shuningdek, 2 megavatt quvvatga ega isitish va sovutish tizimi ishga tushiriladi.
Prezident ushbu kurortni targʻib qilish va sayyohlarni yanada koʻproq jalb etish boʻyicha soha masʼullariga koʻrsatmalar berdi.
Turizm loyihalari tufayli koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Bu yoʻnalishni rivojlantirish bilan bir qatorda, aholining anʼanaviy hunarmandchiligini asrab-avaylash zarurligi taʼkidlandi. Xususan, tumanda asalarichilik va limonchilik yaxshi rivojlangan. Ularning taraqqiyoti mahalliy ekotizimni saqlab qolish uchun muhim ahamiyatga ega.