Yaqin kunlarda havo harorati biroz koʻtariladi va koʻp yillik oʻrtacha koʻrsatkichlarga yaqinlashadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar bermoqda.
Sinoptiklar bashoratiga koʻra, 10-13-dekabr kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida yogʻingarchilik kuzatilmaydi. Biroq 13-dekabr kuni mamlakatning shimolida ayrim joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.
14-dekabr shanba kuni Oʻzbekistonning baʼzi hududlarida yomgʻir, shimolda esa yomgʻir yoki qor yogʻadi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmayapti. Kechasi va ertalab tuman tushishi ehtimoli bor.
Sinoptiklar maʼlumotiga koʻra, 10-14-dekabr kunlari havo harorati kechasi -5 darajadan -8 darajagacha sovuq, kunduzi 0 darajadan +5 darajagacha iliq boʻladi. Mamlakatning shimolida kechasi -8 darajadan -13 darajagacha, kunduzi 0 darajadan -5 darajagacha sovuq boʻlishi kutilmoqda.
Shamol tezligi 7-12 m/s ni tashkil etadi, 13-14-dekabr kunlari baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.