Prezident Timur Ishmetovni Markaziy bank raisi etib tayinlashni taklif qildi

O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga Timur Ishmetov nomzodini koʻrsatdi. Ishmetov hozirda prezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga Timur Ishmetov nomzodini koʻrsatdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ishmetov hozirda prezidentning iqtisodiyot tarmoqlari, investitsiyalar va tashqi savdo boʻyicha maslahatchisi birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. Yangi lavozimda u 2017-yildan beri tartibga soluvchi organni boshqarib kelgan Mamarizo Nurmuratov oʻrnini egallaydi.

Timur Ishmetov (1979-yilda tugʻilgan) Toshkent moliya institutini (2000-yil), Birmingem universitetini (2005-yil) va Toshkent davlat yuridik institutini (2007-yil) tamomlagan. U 2000-yildan beri Markaziy bankda ishlagan.

Turli vaqtlarda u Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar departamenti hamda Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamentiga rahbarlik qilgan, 2017-yil iyunidan 2019-yil mayigacha Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

2019-yil may oyida Ishmetov moliya vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi, 2020-yil fevralida esa Moliya vazirligiga rahbarlik qildi. 2022-yil dekabr oyida Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining birlashishi eʼlon qilingach, u prezident maslahatchisi oʻrinbosari lavozimini egalladi.

Mavzuga oid materiallar