Oliy Majlis Senati Oʻzbekiston Respublikasining kelgusi yilga moʻljallangan byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini maʼqulladi.
Qonunga muvofiq, 2025-yilda inflyatsiya darajasi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda 7 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Xususan, qonunda oʻrta muddatli istiqbolda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan ortiq oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 2025-yilda 431 trln soʻm, xarajatlari esa 480,5 trln soʻm etib belgilandi.
Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln soʻmni, xarajatlari esa 344,8 trln soʻmni tashkil etadi. Davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda) 66,4 trln soʻm va 62,8 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda.
Qonunda kelgusi yil uchun xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi ham saqlab qolinmoqda, davlat budjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln soʻm ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda.
Qonun muhokamasi chogʻida senatorlar byudjet daromadlarini koʻpaytirish, budjet mablagʻlarini maqsadli sarflashga alohida eʼtibor qaratdilar va oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Davlat byudjetining 2025-yilga moʻljallangan xarajatlarida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun qonun bilan 3,6 trln soʻm, sogʻliqni saqlashga 41,3 trln soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan boʻlib, bu 2024-yilda kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga koʻpdir.
Muhokama yakunlari boʻyicha qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.