Markaziy Osiyoda terrorchilikning radikallashuvi xavfi shiddat bilan ortib bormoqda, dedi Jamiyatlar barqarorligini mustahkamlash global jamgʻarmasi (GCERF) rahbari Xolid Kosser.
“Kanada, AQSH, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning aksariyati, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Qatar, Markaziy Osiyo kabi donorlarimiz uchun yangi faoliyat yoʻnalishi boʻldi. Agar siz zoʻravonlik-ekstremistik terrorizmning global xaritasini taqdim etsangiz, unda Saxel, Suriya shimoli-sharqidagi lagerlar va Markaziy Osiyo ajralib turadi. Bu soʻnggi yillarda paydo boʻlgan yangi tendensiyadir. Markaziy Osiyo hozirda aksilterror agentliklari tomonidan diqqat bilan nazorat qilinmoqda”, — dedi Kosser.
GCERF rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻzini “huquqsiz, marginallashgan va ish bilan taʼminlanish imkoniyatidan mahrum” deb his qilayotgan yoshlarning butun bir qatlami mavjudligini taʼkidladi. Bu esa mamlakatlar ichida jiddiy siyosiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda, ulardan terroristik tashkilotlar internet orqali yollash uchun faol foydalanmoqda.
Qoʻshimcha xavf — bu Afgʻonistondan noqonuniy migratsiya boʻlib, u ham mintaqadagi beqarorlikka hissa qoʻshadi.
Kosserning tushuntirishicha, GCERF ekstremistik zoʻravonlikning oldini olishga eʼtibor qaratadi.
“Terrorizmga qarshi kurashda anʼanaviy global yondashuv, odatda, reaktivdir. Ishonchimiz komilki, odamlar radikallashuvining oldini olsak, terrorizmni toʻxtatish mumkin. Aynan shuning uchun biz yaqinda Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda ish boshladik”, — dedi u.
Shuningdek, u GCERF Suriyaning shimoli-sharqidagi lagerlarda saqlanayotgan terrorchi jangarilarni vataniga qaytarishga yordam berish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga taklif qilinganini eslatib oʻtdi. Biroq, uning soʻzlariga koʻra, mintaqaning muammolari Suriya lagerlaridagi bir necha yuz kishidan ancha kengroq.
GCERF — bu ekstremizm va zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan mahalliy darajadagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro tashkilotdir. Tashkilot loyihalarni moliyalashtiradi va hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor oʻrtasida ijtimoiy birdamlik va hamjamiyat barqarorligini mustahkamlash uchun hamkorlik qilishga koʻmaklashadi.